Пятница, 26.04.2024, 00:45

MEGATRON

Меню сайта
Форма входа
Яндекс
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0
Главная » Статьи » Xavflizlik » Viruslar haqiqat va afsona

Viruslar haqida
Kompyuter viruslari xuddi mikroorganizmlar singari tarqaladi va sog‘lom dasturlarni zararlaydi. Ular kompyuter tizimini ishdan chiqaribgina qolmay, kompyuterdagi turli fayllarga kirib oladi. Ba’zi viruslar disklarning yuklash sektorlariga zarar yetkazadi. Har qanday virus o‘zining zararli kodlarini kompyuterdagi biror dasturning tanasiga (ichiga) joylashtirib qo‘yadi. Mana shuning uchun ham dastur ishga tushirilganida virus ham qayta-qayta ishga tushaveradi. Bugungi kunda viruslarning mingdan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning har birining bir nechta modifikatsiyasi mavjud. Shuning uchun viruslar sonini 5-10 marta ko‘p deb hisoblasa ham bo‘ladi. Virus kompyuterdagi fayllarni zararlashi uchun u eng avvalo birorta fayl yoki dasturning ichiga joylashib oladi. Keyin esa boshqalarini ham zararlashga tushadi. Barcha viruslar fayl yoki dasturlarni deyarli bir xil uslubda quyidagi ketma-ketlikda zararlaydi: 1) Eng avval foydalanuvchi zararlangan faylni kompyuterning xotirasiga o‘tkazgan bo‘lishi kerak. Bunday fayllar kompyuterga asosan fleshkalardan, mahalliy tarmoqlardan yoki Internet tarmog‘idan o‘tishi mumkin. Shundan keyin virus kompyuter xotirasida o‘zini nusxalashni boshlaydi. 2) Xotiraga joylashib olgach, virus kompyuterda biror dasturning yuklanishini, ya’ni ishga tushishini kutadi. 3) Dastur yuklanganidan keyin virus o‘zining dastur kodini o‘z qurbonining ichiga joylaydi. Shu bilan birga, virus o‘z kodini mana shu ishga tushirilgan dasturning doimiy xotirada saqlanayotgan nusxasiga ham joylaydi. 4) Foydalanuvchi kompyuterni o‘chirguniga qadar, nechta dasturni ishga tushirgan bo‘lsa, virus ularning hammasini, ketma-ket zararlayveradi. Kompyuter o‘chirilganidan keyin tezkor xotiradagi dasturlar o‘chadi, shu bilan birga ularning ichiga kirib olgan virus ham o‘chadi. Lekin bu narsa virus uchun xatarli emas. Chunki uning asosiy nusxasi u mana shu kompyuterga ilk marotaba «kirganida» joylashgan faylda saqlangan bo‘ladi. 5) Kompyuter har safar ishga tushganida, virus ham uyg‘onadi va o‘zining xotiradagi ko‘rinmas hayotini davom ettiraveradi… Yuqorida sanab o‘tilgan beshta bosqich soddaroq variant hisoblanadi. Shunday viruslar borki, ular biror-bir dasturning ishga tushishini kutib o‘tirmaydi, qachon kompyuter yoqilib, operatsion tizim ishlay boshlasa, u ham Windows bilan qo‘shilib ishga tushaveradi. Ba’zi viruslar siqilgan, ya’ni arxivlangan faylning ichiga yashirina oladi. Tasavvur qiling, odamga gripp virusi yuqdi. Kasal yuqqanligining belgilari odam tanasida paydo bo‘la boshlaydi. Masalan, burun oqadi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, bo‘shashish va hokazo. Kompyuterga ham virus yuqsa, ba’zi simptomlar yuzaga chiqa boshlaydi. Lekin, shunday viruslar borki, hattoki eng yaxshi antivirus dasturlar ham ularni aniqlay olmaydi. Quyida kompyuterga virus yuqqanligining ba’zi belgilarini sanab o‘tamiz. • Kompyuterdagi dasturlar avvalgiga nisbatan sekinroq yuklanadi; • Ba’zi papkalarda sizga notanish fayllar paydo bo‘lib qoladi yoki aksincha, bir xil fayllar yo‘qolib qolishi mumkin; • Sizga tushunarsiz sabablarga ko‘ra, fayl yoki dasturlarning hajmlari o‘zgarib qoladi, yo ortadi yoki kamayadi; • Ekranda tushunarsiz yozuv yoki grafikalar paydo bo‘lib qoladi; • Ekrandagi elementlarning tiniqligi yo‘qoladi; • Diskdagi bo‘sh joy o‘z-o‘zidan kamayib ketadi; • Fayllarning nomlari yoki kengaytmalari o‘zgarib qoladi; • Klaviaturadagi tugmachalar bosilganida dinamikdan har xil tovushlar chiqadi; • Qattiq diskka murojaat qilib bo‘lmay qoladi. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, viruslarning 5 foizigina kompyuterga jiddiy zarar yetkaza oladi, masalan, apparat qurilmalarini ishdan chiqarishi mumkin yoki operatsion tizimni umuman ishlatmay qo‘yishi mumkin. Shunday viruslar borki, ular dastur yoki fayllarga ochiq hujum qilmaydi. Balki, faqatgina o‘zini-o‘zi nusxalab yotadi. Maqsad – yashab qolish, bevosita zarar berish emas. Lekin yashab qolishning o‘zi ham ma’lum vaqtdan keyin kompyuterga zarar keltirishni boshlaydi. Chunki xotiradagi joy borgan sari kamayib boradi. Shuni yodda tutingki, «bezarar virus» bo‘lmaydi. Keling, zararli dasturlarning asosiylari bilan tanishib chiqaylik. Troyan (troya otlari) Tarixdan Troya urushi haqida o‘qiganmisiz? O‘shanda dushman tomon sovg‘a qilgan bahaybat ot haykali ichida yashirinib olgan askarlar tunda chiqib, qal'a darvozasini ochganlar. Troyanlar ham xuddi shunday ish ko‘radi – kodek, skrinseyver kabi xavfsiz ilovalarga o‘xshab ko‘rinadilar, kompyuterga tushib olgach esa, g‘arazli ishlarini boshlab yuboradilar. Masalan, troyan o‘zining nomini new_game.exe kabi qiziqarli va bir qarashda zararsiz dasturga o‘zgartirib oladi. Ushbu dastur yuklab olingandan keyin, yoki umuman ishlamaydi, yo yuklanishda xato yuz bergani va dastur yopilishi haqida xabar chiqadi. Lekin, shuning o‘zi troyanga buzg‘unchligini qilib olish uchun yetarli. Bekdorlar (backdoor) Bu – tizimni masofadan turib, ruxsatsiz va yashirin boshqarish dasturlaridir. Ular foydalanuvchi uchun an'anaviy bo‘lgan har qanday amallarni – klaviaturada terish, kursorni yuritish, darcha va ekrandagi narsalarni ko‘rish, tashqi qurilmalarni ishlatish kabilarni bajarish imkonini beradi. Bekdorlar muhim axborot bilan ishlaydiganlar, moliyaviy tizimga kiriladigan kompyuterlar uchun o‘ta xavflidir. Ushbu dasturning asosiy vazifasi – kompyuter tizimiga yashirin ravishda barqaror kirib turishni ta’minlashdir. Spyware va Adware Ularning asosiy vazifasi shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish va bevosita yoki bilvosita moddiy manfaatga ega bo‘lishdan iborat. Adware («Reklama mahsuloti») – foydalanuvchi xohishiga bog‘liq bo‘lmagan reklamalar namoyish etadi; Spyware («Josus mahsulot») – adware dan ko‘ra ancha xavfli. Bu dastur foydalanuvchi harakatlarini kuzatib boradi, kiberjinoyatchilarga shaxsiy ma’lumotlar, kompyuter konfiguratsiyasi, terilgan matn va turli akkauntlarga parollar kabilarni yetkazib berib turadi. Eng yomon tomoni – antivirus dasturlar har doim ham bunday viruslarni topa olmaydi. Rutkitlar Ular dasturiy va tizim so‘rovlari natijalarini «ushlab olib», almashtirib qo‘yish orqali, zararli dastur yoki jinoyatchining faoliyatini yashirish uchun mo‘ljallangan. Masalan, antivirus kompyuterda viruslar bor-yo‘qligini tekshirish uchun, operatsion tizimdan fayllar ro‘yxatini «so‘raydi». Rutkit esa, operatsion tizim taqdim etgan ro‘yxatni «ushlab olib», undan bekdor viruslarini olib tashlab, antivirusga «topa-toza» fayllargina bor ro‘yxatni beradi. Natijada antivirus hech qanday shubhali narsa topa olmaydi. Bot/Zombi Botlar va zombilarni zararli dasturlarni boshqarish usuli desak ham bo‘ladi. Ko‘p hollarda troyanlar va bekdorlar yangi talqinlarni yuklash, spamlar tarqatish va boshqa ko‘rsatmalarni olish uchun o‘z egalari, «ona» tarmoqlariga bog‘lanib turadilar. Bunda bot va zombilar keng tarqalgan aloqa usullaridan ham (masalan, ICQ), o‘zlari uchun alohida ishlab chiqilgan bog‘lanish yo‘llaridan ham foydalanishlari mumkin. Aynan botlar va zombilar yashirin Internet-trafik oqimini yuzaga keltiradi (Internet orqali ma’lumotlar yuklab oladi va jo‘natadi) va shu orqali kompyuter foydalanuvchisining hamyonini ship-shiydam qilishga hissa qo‘shadi. Chuvalchang (Worm) Bu dastur qattiq diskda, kompyuter xotirasida ko‘payadi va tarmoq orqali tarqaladi. «Chuvalchang»larning boshqa viruslardan asosiy farqi shundaki, ularning o‘zlari bevosita hech qanday zarar keltirmaydi, faqat o‘zidan-o‘zi ko‘payib yotaveradi. Bundan maqsad xotirani to‘ldirib, operatsion tizim faoliyatini sekinlatishdir. Lekin, «chuvalchang»lar boshqa viruslar uchun baza vazifasini ham o‘taydi. Masalan, ba’zida bu dasturlar ishga tushganda, u kompyuterni bot-tarmoqqa ulaydi va bu mashinaga yashirin kod o‘rnatib qo‘yadi, ya’ni Internetdan kompyuterga «maxfiy tuynuk» ochadi. Viruslarning birgalikda ishlashi Viruslarning turlari har xil bo‘lishiga qaramay, odatda hammalari «kelishib» ishlaydilar. Bir-birlarini yashiradilar, yangilangan ko‘rinishlarining yuklanishiga yordam beradilar. «Chuvalchang»lar bekdorlar uchun makon bo‘lishadi va tarmoqlarda birlashishga xizmat qiladi, troyanlar parollarni o‘g‘irlab, spyware viruslarini o‘rnatadilar va h.k. Mana, kompyuterning «mazasini qochiradigan» viruslar ana shular. Ba’zilar ularni afsonaviy, yengilmas maxluqdek tasavvur qiladilar, bu to‘g‘ri emas. Viruslarga qarshi kurashish mumkin va lozimdir. Ammo bu – keyingi maqolaning mavzui.
Категория: Viruslar haqiqat va afsona | Добавил: megatron (22.12.2012)
Просмотров: 7097 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 2.4/8
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: